Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yosh saylovchiga!

Yosh saylovchiga!

Hurmatli saylovchi!

Har bir kishi uchun voyaga yetganlik davri – bu hayotiy tamoyillarni shakllantirish vaqti, kuch-quvvat va yangiliklarga intilish vaqtidir. Shu bilan birga bu hayotiy yo‘lning yangi bosqichi ham. Bunda o‘qish, yashash, o‘z nuqtai nazarlarini kattalarning “ko‘magisiz” himoya qilish, o‘z xatti-harakatlari uchun mas’uliyatni his etish lozim bo‘ladi.

Murakkabmi?

Albatta! Lekin aynan shu tarzda haqiqiy inson shakllanishi mumkin. U o‘z muammolarini o‘zgalar zimmasiga yuklamaydi, balki o‘zi ularni hal qilishga intiladi.

Bundan tashqari balog‘at yoshi – bu yoshlarning har bir vakili jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish imkonini beradigan yosh. Chunki O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asosan 18 yoshga to‘lgan fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash huquqiga, ya’ni aktiv saylov huquqiga ega bo‘ladi. Keyinchalik, 21 yoshga to‘lganda ushbu huquqqa saylanish huquqi, ya’ni 21 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi passiv saylov huquqiga ega bo‘ladi.

Quyida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunidan ko‘chirmalar berilgan. Ular bilan tanishib, o‘ylab ko‘ring! Chunki Siz qaysi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod uchun o‘z ovozingizni berishingiz jamiyatimiz va davlatimiz rivojlanishi uchun muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 2-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”.

Shunday qilib, 18 yoshdan e’tiboran Siz uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasi to‘la kuchga kiradi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referedumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi

Konstitutsiyaviy huquqdan qanday foydalanish mumkin?

Buning uchun quyidagilarni bilish lozim:

- Siz ovoz bermoqchi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar yoki siyosiy partiyalarni, ularning saylovoldi dasturlarini;

- ovoz berish tartibotini bilish va

- jiddiy tarzda, kattalar singari, O‘zbekiston yo‘li qanday bo‘lishi lozimligi, Siz qanday davlatda yashamoqchisiz va bunga o‘z harakatlaringiz va xohish-irodangiz bilan qanday erishi mumkinligi haqida o‘ylashingiz zarur.

So‘zsiz, bunday qarorlar qabul qilish tajribasiga yillar o‘tgan sari ega bo‘lasiz. Lekin ushbu vazifani birinchi marotaba hal qilish uchun ozgina tayyorgarlik ko‘rish zarur. Axir buni Siz o‘zingiz tanlashingiz kerak, u uchun Siz fuqarolik mas’uliyatiga egasiz va uning oqibatlari uchun hech kimdan ko‘rolmaysiz.

Saylov –demokratik boshqaruv shakllarining markaziy instituti. Fuqarolarning hokimiyat tuzilmalarini shakllantirishdagi ishtiroki zamonaviy jamiyatning umum e’tirof etilgan jihati hisoblanadi.

Saylovda ishtirok etish - bu nafaqat muhim konstitutsiyaviy huquq, balki ayni vaqtda voqea hamdir. Bu ishtirokchilardan o‘z xatti-harakatlari uchun siyosiy mas’uliyatni talab qiladi.

O‘z navbatida qabul qilinayotgan siyosiy qarorlar uchun mas’uliyat saylanuvchi va saylovchilarning huquqiy madaniyatini shakllantiradi.

Endi esa mamlakatimiz fuqarolari hokimiyatga saylov orqali ta’sir etishlari haqida fikr yuritamiz. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 9-moddasiga asosan «jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi». Saylash va saylanish konstitutsiyaviy huquqi O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun normalari bilan ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Endi demokratik saylovlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan demokratik saylovlar umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Umumiy saylov huquqi prinsipi belgilangan yoshga yetgan, to‘la muomalaga layoqatli, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining har qanday umumdavlat saylovida saylash va saylanish huquqiga ega ekanligini anglatadi.

Sudning hukmiga asosan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmiga muvofiq ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar.

Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aktiv saylov huquqiga ega bo‘lgan har bir saylovchining familiyasi saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Agar Siz saylov kuni o‘z saylov uchastkasida ovoz berolmasangiz, muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati ham mavjud.

Teng saylov huquqi prinsipi ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanishi anglatadi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi prinsipi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolar tomonidan bevosita saylanishini anglatadi.

Yashirin ovoz berish prinsipi ovoz berish erkin va yashirin bo‘lishini kafolatlaydi. Ovoz beruvchilarning xohish-irodasini bildirishlari ustidan nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har bir saylov uchastkasida yashirin ovoz berish uchun kabinalar o‘rnatiladi.

Hech kim Sizning tanlovingizga ta’sir ko‘rsatishi mumkin emas.

Siz o‘z saylov byulletengizni yoki saylov varaqangizni hech kimga berish huquqiga ega emassiz.

Demokratik saylovlarning boshqa tavsiflovchi belgilariga murojaat qilaylik.

Davriy saylovlar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z lavozimini besh yil mobaynida egallaydi va shundan so‘ng barcha darajadagi saylov komissiyalari (markaziydan boshlab uchastka darajasidagi) yangi saylov kampaniyasini tashkil qiladi.

Eslang, saylov qanday o‘tkaziladi. Nima uchun?

Hokimiyat uchun saylovoldi kurashining yakuni ovoz berish natijalari bilan belgilanadi. Shuning uchun ham ovoz berish tartibotiga nisbatan yuqori talablar qo‘yiladi.

Masalan:

- ovoz berish uchun kabinalar shunday o‘rnatilishi lozimki, bunda saylovchining o‘z xohish-irodasini yashirin bildirish ta’mnlanishi zarur;

- byulletenlar pasport taqdim qilinganida berilishi lozim. Bunda har bir kishi bir marotaba va o‘zi uchun ovoz berishi nazarda tutiladi;

- saylov qutisi plombalanadi;

- ovoz berish natijalari saylov komissiyasining bayonnomasida qayd etiladi;

- saylov komissiyasi ishi kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinadi.

Saylovoldi tashviqoti

Ta’kidlash joizki, qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilganidek, saylovoldi tashviqoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish tarzida olib boriladi.

Saylovoldi tashviqoti omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod, siyosiy partiya to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti usullariga kelsak, u ommaviy axborot vositalari, shuningdek televideniye, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i) orqali; bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali; saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshirilishi mumkin. Nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanishi mumkin.

Shu bilan birga saylovoldi tashviqoti shakllari va ususllarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilganidek, ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, nomzodlarning, siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod uchun bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratib beriladi.

Saylovoldi tashviqoti davrida nomzod o‘ziga e’tibor jalb qilishga harakat qiladi. radio, televideniye bo‘yicha so‘zga chiqib o‘z saylovoldi dasturini bayon etadi. Unda nomzodning va partiya elektoratining jamiyatdagi bugungi ishlar ahvoli haqidagi fikr-mulohazalari, ijobiy tomonga vaziyatni o‘zgartirish lozim bo‘lgan taqdirda buning yo‘llari, kelgusi faoliyat yo‘nalishlariga urg‘u beradi. Ammo nomzodga beriladigan efir vaqti va bosma maydoni qat’iy ravishda belgilangan, bu nomzodlarning tengligini ta’minlashga qaratilgandir.

Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinadi. Ular saylov komissiyasi tomonidan ovoz berish tugaganidan so‘ng saylov uchastkasida saylovchilarning ovozlarini sanab chiqishi va foydalanilmagan saylov byulletenlari va saylov varaqalarini bekor qilishini kuzatib boradi. Ovozlarni sanab chiqish tugaganidan so‘ng ovoz berish natijalari qayd etilgan bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Qonun O‘zbekiston Respublikasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan xalqaro kuzatuvchilar qatnashishini nazarda tutadi.

Saylov komissiyalari

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida barcha darajadagi saylov komissiyalari asosiy rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tuziladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘zining butun faoliyati bilan saylov tizimining demokratik prinsiplarini amalga oshirishga ko‘maklashishga, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyatini ta’minlashga da’vat etilgan.

Markaziy saylov komissiyasining maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan. Asosiy qonunimizga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining saylov to‘g‘risidagi hamda referendum to‘g‘risidagi qonunlariga va boshqa qonunlarga amal qiladi. Komissiya faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadilar.

Komissiya o‘z vakolatlari doirasida davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslaridan mustaqil hisoblanadi. Bu unga saylov masalalri bo‘yicha xolis qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Markaziy saylov komissiyasi:

1) O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Qonunning ijrosini nazorat qiladi va uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi, saylovni tashkil etishga doir masalalar yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida yo‘riqnomalar chiqaradi hamda tushuntirishlar berib boradi;

2) saylov komissiyalari faoliyatini yo‘naltirib boradi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining qarorlarini, agar bu qarorlar ushbu Qonunga zid bo‘lsa, bekor qiladi; saylov komissiyalari tarkibiga o‘zgartishlar kiritish tartibini belgilaydi;

3) saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi;

4) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini qaysi saylov okrugiga birkitish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi;

41) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning tegishli hujjatlarini qabul qilib oladi;

5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

6) ommaviy axborot vositalarining saylov kampaniyasida ishtirok etishi va ulardan ushbu Qonunga muvofiq foydalanilishi tartibini belgilaydi;

7) pul mablag‘larini saylov komissiyalariga taqsimlaydi; saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi hamda saylovni moddiy-texnika jihatidan ta’minlashning boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi;

8) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenlarining va varaqalarining, saylovchilar ro‘yxatining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, saylovga oid boshqa hujjatlarning shakllarini, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalarini, saylovga doir hujjatlarni saqlash tartibini belgilaydi;

9) davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi;

10) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga oladi, saylovning respublika bo‘yicha umumiy yakunlarini chiqaradi, saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborotlarni matbuotda e’lon qiladi;

101) saylangan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida namunasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan guvohnoma topshiradi;

11) saylov komissiyalarining qarorlari va xatti-harakatlari ustidan tushgan ariza hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan uzil-kesil qarorlar chiqaradi;

12) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi Qonun jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan tarzda buzilganligi haqidagi materiallarni prokuratura organlariga oshiradi;

13) ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga muvofiq o‘zga vakolatlarni amalga oshiradi.

Okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va kamida olti nafar boshqa a’zosidan iborat tarkibda tuziladi. Okrug saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi.

Okrug saylov komissiyasi:

1) butun okrug hududida ushbu Qonunning ijrosini nazorat qiladi va uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi;

2) saylov uchastkalarini tuzadi, ularning okrug bo‘yicha tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

4) siyosiy partiyalar vakillarining, saylov okrugi hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi;

5) saylovchilarning ro‘yxatlari tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi;

6) pul mablag‘larini uchastka saylov komissiyalariga taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi hamda saylovni moddiy-texnika jihatidan ta’minlashning boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi;

7) okrug bo‘yicha saylov yakunlarini chiqaradi va ma’lumotlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi;

8) uchastka saylov komissiyalarining qarorlari va xatti-harakatlari ustidan tushgan ariza hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

9) ushbu Qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Uchastka saylov komissiyasi saylovga kamida qirq kun qolganida besh – o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi. Uchastka saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi okrug saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi tarkibining soni zarur hollarda ko‘paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.

Uchastka saylov komissiyasi:

1) uchastka bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatini tuzadi;

2) saylovchilarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishtiradi, ro‘yxatdagi noaniqliklar haqidagi arizalarni qabul qiladi va ko‘rib chiqadi hamda tegishli o‘zgartishlar kiritish masalasini hal qiladi;

3) saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish va ovoz berishda qatnashish imkoniyati bo‘lmagan saylovchilardan saylov konvertlarini qabul qiladi;

4) saylov o‘tkaziladigan kun va ovoz beriladigan joy haqida aholini xabardor qiladi;

5) ovoz beriladigan binolar va saylov qutilari tayyorlab qo‘yilishini ta’minlaydi;

6) saylov kuni saylov uchastkasida ovoz berilishini tashkil etadi;

7) saylov uchastkasida berilgan ovozlarni hisoblab chiqadi;

8) saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ovoz berishni uyushtirish masalalariga doir ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqib, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

9) ushbu Qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Ushbu komissiyalarni birlashtiruvchi umumiy belgi – barcha harakatlaridagi mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik!

Barcha darajadagi saylov komissiyalarining a’zolari siyosiy partiyalarning a’zolari bo‘lishlari mumkin emas.

Umid qilamizki, Sizga taqdim qilinayotgan axborotdan unumli foydalanasiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!




Dolzarb mavzular