Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

Prezident saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov raisi M.Abdusalomov 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligimiz talablari va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik tamoyillari asosida ochiq va oshkora o‘tkazilganini ta’kidladi.

Prezident saylovining tarixiy va siyosiy ahamiyatini chuqur tushungan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi yana bir bor o‘zining Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini, grajdanlik potsiziyasini namoyish etib, ovoz berishda yuksak siyosiy faollik bilan ishtirok etdi, dedi M.Abdusalomov.

Xususan, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchining 17 million 951 ming 667 nafari ovoz berishda ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil etadi. Shunday qilib, "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi o‘tgan, deb hisoblanadi.

Anjumanda aytib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini 5 ta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan hamda 46 ta davlatdan 600 nafarga yaqin kuzatuvchilar kuzatib bordi.

Bundan tashqari, saylovda ishtirok etgan 4 ta siyosiy partiyaning 37 mingdan ziyod vakillari ham ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish jarayonini kuzatib bordi. Saylov komissiyalari tomonidan ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.

Saylov kampaniyasini mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 nafardan ortiq vakili keng yoritmoqda.

Ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonida saylovga oid qonun hujjatlari talablari buzilgani haqida Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilar, siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, xalqaro va xorijlik kuzatuvchilardan murojaatlar kelib tushmagan.

Markaziy saylov komissiyasi raisi kecha, ya’ni 4 dekabr kuni ovoz berish yakunlangach, saylov uchastkalarida Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, xalqaro kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvi ostida har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqish ishlari boshlanib, bu jarayon oxiriga yetganicha tanaffussiz davom ettirilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Sarvar Sadullayevich Otamuratovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 2,35 foizi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 88,61 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 3,73 foizi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majidovich Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 3,46 foizi ovoz bergan.

Brifing ishtirokchilariga hozirgi paytda Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan bayonnoma va boshqa materiallarni ko‘rib chiqayotgani haqida axborot berildi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq zarurat bo‘lsa, ayrim uchastka saylov komissiyalarining materiallari ham sinchiklab tekshiriladi va shundan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi saylov natijasi bo‘yicha qaror qabul qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay, ya’ni 2016-yil 14-dekabrga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuotda e’lon qilinadi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini

yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi

18707

05Dekabr 2016



Dolzarb mavzular