Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Savol javoblar

O‘zbekistonning amaldagi saylov qonunchiligiga avvalgi kampaniyaga qaraganda qanday yangiliklar kiritilgan?

O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi 396-son O‘RQ “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga bir qator o‘zgartirsh va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar hamda harakatlar kuzatuvchilariga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi belgilangan.

Saylov uchastkalari qamoqda saqlash joylarida tashkil etilishi mumkin.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladilar.

Har bir fuqaroga ro‘yxatga kiritilmaganlik, noto‘g‘ri kiritilganlik yoki ro‘yxatdan chiqarilganlik yuzasidan, shuningdek ro‘yxatda saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishda noaniqlikka yo‘l qo‘yilganlik xususida shikoyat qilish huquqi beriladi. Bu masalaga doir ariza uchastka saylov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi, arizani uchastka saylov komissiyasi kechi bilan yigirma to‘rt soat ichida, saylov arafasida va saylov kuni esa darhol ko‘rib chiqadi.

Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy soni kamida bir foizining, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo‘lishi kerak. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti tushunchasi, turlari, shakllari va usullariga aniqlik kiritilgan. Saylovoldi tashviqotini nafaqat saylov kuni, balki saylovdan bir kun oldin ham olib borish taqiqlanishi belgilangan.

Markaziy saylov komissiyasi o‘ziga kelib tushgan okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari asosida respublika bo‘yicha saylovchilarning umumiy sonini; saylov byulletenlari va varaqalarini olgan saylovchilar sonini; ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini; har bir nomzod uchun berilgan ovozlar sonini; haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar sonini aniqlaydi.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga kim nomzod bo‘lishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.



Necha yoshdan ovoz berishda qatnashish mumkin?

O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarolari saylovlarda qatnashish huquqiga ega.



Qanday asoslarga ko‘ra fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi?

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladilar.



Muddatidan oldin ovoz berish mumkinmi? Qanday qilib? Muddatidan oldin ovoz berish qachon boshlanadi?

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining e’tiboriga yetkaziladi. Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari (ta’til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida o‘z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi. Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Ayrim saylovchilar salomatligining yaxshi emasligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, uchastka saylov komissiyasi ularning iltimosiga binoan komissiya a’zolariga ovoz berishni ana shu saylovchilar turgan joyda tashkil etishni topshiradi.



Xorijdagi saylov uchastkalari qanday tuziladi?

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi. Harbiy qismlarda, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan yerlarda, qamoqda saqlash joylarida ham saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa istisno tariqasida saylovga kamida besh kun qolganida tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish va ularni tegishli saylov okrugiga biriktirish to‘g‘risida”gi qarorini qabul qiladi.

Odatda, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari 14-Toshkent saylov okrugiga biriktiriladi.



Agar saylov kuni boshqa mamlakatda bo‘lsangiz qanday tarzda ovoz berish mumkin?

Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan, xorijiy davlatda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkasi ovoz berishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida tuzilgan saylov uchastkalari haqidagi ma’lumotni Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytidan tanishish mumkin (www.elections.uz).



Xorijdagi saylovchilar ovozi qanday hisoblanadi?

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida tuzilgan saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqish “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir nomzod bo‘yicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi.

Ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka komissiyasining barcha a’zolari hozirligida saylov varaqalari solingan yopiq konvertlar qutilarga tashlanadi.

Saylov qutilari uchastka saylov komissiyasi tomonidan komissiya raisi ovoz berish tugaganligini e’lon qilganidan keyin komissiyaning barcha a’zolari hozirligida ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar saylov qutilarini ochish taqiqlanadi. Foydalanilmagan barcha saylov byulletenlari saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi va bekor qilinadi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning asosiy ro‘yxati va mazkur ro‘yxat ilovasi bo‘yicha uchastkadagi saylovchilarning umumiy sonini, shuningdek byulleten olgan saylovchilarning sonini aniqlaydi. Saylov qutilarida bo‘lgan byulletenlar va saylov varaqalari asosida komissiya ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning umumiy sonini; har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini; haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar, varaqalar sonini aniqlaydi. Saylovchilar tomonidan byulletenlarga va varaqalarga qo‘shimcha tarzda yozilgan fuqarolarning familiyalari bo‘yicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari va varaqalari, shuningdek ovoz berish vaqtida bittadan ortiq kvadratga belgi-krestik (plyus) qo‘yilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qo‘yilmagan byulletenlar va varaqalar haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulletenining, varaqasining haqiqiyligiga shubha tug‘ilgan taqdirda masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qo‘yish orqali hal etiladi.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasi majlisida ko‘rib chiqiladi va bayonnomada aks ettiriladi.

Bayonnoma komissiya raisi, komissiya raisining o‘rinbosari, komissiya kotibi va a’zolari tomonidan imzolanadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda tegishli okrug saylov komissiyasiga yuboriladi.



Nizomiddin Nurmatov – Mаtbuot xizmаti rаhbаri
Zaurbek Aslanov – kаttа referent
Tel./fаks: (998-71) 239-42-43
Tel.: (998-71) 239-43-91
Email: elections@umail.uz 



Dolzarb mavzular