Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekiston Saylov kodeksi qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi “O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi” portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Shuningdek, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida ham joylashtirilgan.

O‘zA muxbiri loyihaning mazmun-mohiyati haqida Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Gulnoza RAHIMOVA bilan suhbatlashdi.

– Saylov qonunchiligi mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutadi, – deydi G.Rahimova. – Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning xalqaro me’yorlari hamda demokratik prinsiplariga javob berishida qonunchilikning ahamiyati beqiyos. Shuning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ygan edi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda saylov qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tuzildi.

Ishchi guruh tarkibiga deputatlar, senatorlar, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va kotibiyatining mas’ul xodimlari, shuningdek, saylov huquqi sohasidagi tajribali mutaxassislar, ekspertlar, olimlar va amaliyotchilar kiritildi.

Loyiha saylovlarni kuzatish bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar missiyalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tayyorlandi.

Saylov kodeksi loyihasida O‘zbekiston Respublikasining saylovlar to‘g‘risidagi amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlarni unifikatsiyalash ko‘zda tutilgan.

Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida saylov qonunchiligi inventarizatsiyasi o‘tkazildi va saylovlar o‘tkazishning milliy amaliyoti umumlashtirildi. 15 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning saylov qonunchiligi va tajribalari o‘rganib chiqildi.

– Saylov kodeksi loyihasi va uning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Saylov kodeksi loyihasi 18 bob, 100 moddadan iborat bo‘lib, quyidagi yangi qoidalar bilan yanada takomillashtirildi.

Misol tariqasida O‘zbekiston ekologik harakati vakillari uchun Qonunchilik palatasiga maxsus o‘rin ajratish instituti bekor qilinishi nazarda tutilgan. Biroq Qonunchilik palatasidagi deputatlar miqdorini (150 ta o‘rin) saqlab qolish taklif qilinmoqda.

Saylovchilarning Yagona elektron ro‘yxatini joriy qilish qoidalari qonun bilan tartibga solinadi, yagona hujjatni joriy qilish orqali “Saylov varaqasi” degan tushuncha bekor qilinib, saylov byulletenida muddatidan oldin ovoz berish va saylov kuni ovoz berishda asosiy hujjat sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Saylovlarni tashkillashtirish, o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi.

Saylovchiga, siyosiy partiyalar tomonidan imzolar to‘plash jarayonida bir necha nomzodlar yoki partiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun imzo qo‘yish imkoni berilmoqda.

Hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasining ovozlarni sanab chiqish haqidagi bayonnomalari nusxalarini saylov uchastkasida 48 soatdan kam bo‘lmagan muddatga zudlik bilan osib qo‘yish tartibi joriy etilmoqda.

Ovoz berish yakunlanishi bilan uchastka saylov komissiyasining aniq harakatlari ko‘zda tutilmoqda (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish, okrug saylov komissiyasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish va boshqalar).

Davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov paytida saylov okruglarini tuzishdagi saylovchilar sonidagi mumkin bo‘lgan maksimal farqi 15 foizdan oshmasligi to‘g‘risidagi tartib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bir paytning o‘zida o‘tkazilgan holda yagona saylov uchastkasini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni bekor qilish orqali Senat a’zolarini saylash tartibi qonunchilik darajasida belgilanmoqda.

Barcha darajadagi saylov komissiyalari a’zolariga qo‘yiladigan talablar va boshqa yangiliklar joriy etilmoqda.

– Saylov kodeksining qabul qilinishi qanday natija beradi?

– Kodeksning qabul qilinishi saylov munosabatlarining yanada sifatli huquqiy tartibga solinishi, ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlanishi, mavjud bir-birini inkor qiluvchi qoidalarni bartaraf etilishiga imkon beradi.

Mamlakatda partiyalararo sog‘lom raqobatni yaratish va siyosiy partiyalarni yanada faollashtirishga, saylovchilarning huquqiy madaniyati va siyosiy faolligi oshishiga, kuchli fuqarolik jamiyatiga ega demokratik huquqiy davlat sifatida dunyo hamjamiyatida mamlakatimiz nufuzi oshishiga zamin yaratadi.


Norgul Abduraimova suhbatlashdi, O‘zA

868

01Avgust 2018



Dolzarb mavzular