Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Milliy tiklanish – milliy o‘zlikni anglash demakdir

Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tanlab olingan, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida yuksak yutuq hamda marralarga erishishimizni ta’minlagan taraqqiyot yo‘limizning har tomonlama to‘g‘ri va hayotiy ekanini xalqimiz hamda jahon jamoatchiligi chuqur anglamoqda.

 

Davlatimiz barqaror sur’atlar bilan o‘sib borayotgani, yurtimizning xalqaro maydonda obro‘-e’tibori oshayotgani, bu o‘zgarishlarning asosiy omili bo‘lgan xalqimizning siyosiy ongi va tafakkuri, fuqarolik faolligi izchil yuksalib borayotgani barchamiz uchun cheksiz g‘urur baxsh etadi.

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Vatanimiz istiqboli yo‘lida amalga oshirilayotgan bu kabi tub islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflarni ilgari surmoqda.

 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari o‘z Saylovoldi platformasining jamiyatda ma’naviyatni yuksaltirish va milliy tiklanishga oid asosiy maqsad hamda vazifalari xususida fikr yuritishadi:

 

Ulug‘bek MUHAMMADIYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” DP a’zosi:

 

– Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, biz tanlagan va mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot modelining naqadar haqqoniy hamda samarali ekani biz qurayotgan yangi demokratik tizimda, iqtisodiyotimiz rivojlanishining barqaror, barchani hayratda qoldirayotgan sur’atlarida, xalqimizning hayot darajasi va sifati ortib borayotganida o‘zining amaliy tasdig‘ini topmoqda.

 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakatimiz taraqqiyotida ulkan marra va yutuqlarni qo‘lga kiritishda eng katta mezon ma’naviyat bilan bog‘liq qadriyatlar ekanligini alohida e’tirof etadi. Shu munosabat bilan partiyamiz ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishni o‘zining yaqin va uzoq istiqboldagi muhim vazifasi, deb biladi.

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi platformasida, boshqa siyosiy partiyalardan farqli o‘laroq, xalqimizda milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish vazifasini ilgari surmoqda.

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakat taraqqiyoti va odamlar qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish, mustaqil fikr va mustahkam irodaga ega hamda komil inson tarbiyasida milliy o‘zlikni anglash yetakchi o‘rinda turadi, deb hisoblaydi.

 

Biz shunga aminmizki, milliy o‘zlikning tayanchlari tarix va ma’naviyatdir. Zero, o‘z milliy davlatchiligining tarixiy tajribasi, madaniyati va ma’naviyatiga ega xalqgina milliy tiklanishga yuz tutadi.

 

Biz milliy o‘zlikni anglash va milliy tiklanish orqali ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda vazifalarimizni muvaffaqiyatli amalga oshiramiz.

 

Shuning uchun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining bosh maqsadi milliy tiklanish g‘oyasini amalga oshirish, barqaror milliy rivojlanishni ta’minlash, mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, gumanitar hayotining barcha sohalarida milliy manfaatlarni himoyalash hamda ilgari surish, milliy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarni, boy tarixiy merosimiz, O‘zbekiston xalqining urf-odat hamda an’analarini asrab-avaylash va ko‘paytirishdan iborat.

 

Navbaxor TLEUBERGENOVA, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali direktori o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” DP a’zosi:

 

– Shuni qayd etish kerakki, 1991 yil 31 avgust sanasida qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasidir. “Milliy tiklanish” DP fikricha, mustaqillik mamlakatimiz hayotida yuz bergan juda ulkan siyosiy voqea hamda xalqimizning buyuk ma’naviy jasorati sifatida uning ruhini ko‘tarib, yurtimizda amalga oshirilayotgan beqiyos o‘zgarishlarga daxldorlik hissini o‘zida mujassam etadi.

 

Partiya milliy mustaqillik g‘oyalariga sodiq, jahon moddiy va nomoddiy merosining ajralmas bo‘lagi hisoblangan O‘zbekiston xalqining madaniy, an’anaviy va milliy-ma’naviy qadriyatlarini chuqur e’zozlaydigan vatanparvar insonlarni o‘z safida birlashtiradi hamda o‘z faoliyatida ularning manfaatini ifodalaydi.

 

Mazkur vazifani amalga oshirish uchun biz jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda, xususan, “Mahalla” jamoat fondi bilan “Xalqimizning ma’naviy jasorati” deb nomlangan va yurtimiz barcha hududini qamrab oladigan hamda doimiy ishlaydigan forum tashkil qilishni mo‘ljallaganmiz. Forum doirasida konferensiya, xalq sayillari, uchrashuv va muloqotlar uyushtirib boriladi.

 

Partiyamiz qonunchilikda belgilangan nazorat-tahlil vakolatlaridan samarali foydalangan holda, barkamol avlodni shakllantirish, avvalo, yoshlarimizni vatanparvarlik, insonparvarlik hamda umuminsoniy qadriyatlar g‘oyalari asosida ma’naviy tarbiyalash bo‘yicha davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ustidan monitoring olib borishni faollashtirishni rejalashtirmoqda. Ushbu maqsadni amalga oshirishda ta’lim muassasalari huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazlari faoliyati, shuningdek, Prezidentimizning milliy g‘oya targ‘iboti hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan qarorlari ijrosi yuzasidan parlament va jamoatchilik nazoratini kengaytirish niyatidamiz.

 

Kozim TOJIYeV, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Navoiy viloyati kengashi raisi, “Milliy tiklanish” DP a’zosi:

 

– Partiyamiz milliy manfaatlarni har tomonlama himoya qilish va ularni ilgari surish tamoyiliga amal qiladi. “Milliy tiklanish” DP bunda O‘zbekistonning yangi davlat sifatida milliy tiklanishi kafolatini hamda boshlangan ishlar ortga qaytmas jarayon ekanligini ko‘radi.

 

Mamlakatimizda keng ko‘lamli ma’naviy yangilanish va islohotlar jarayoni davom etmoqda. Biz bu ish, eng avvalo, xalqimizning tarixiga nisbatan adolatni va xolis munosabatni tiklashdan boshlanadi, deb hisoblaymiz. Tarixiy haqiqatni bilmay turib, o‘zlikni anglash mumkin emas. Ma’lumki, sobiq mustabid tuzum davrida o‘zbek xalqining tarixiy merosi ahamiyatiga past nazar bilan qaralgan, buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga salbiy munosabat shakllantirilgan edi.

 

Shu munosabat bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi platformasida O‘zbekiston tarixining keng miqyosda izchil o‘rganilishini ta’minlashni, bu borada tarixiylik va xolislik tamoyillariga qat’iy amal qilishni, tarixiy o‘tmishga va o‘zbek xalqining hozirgi kundagi hayotiga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslikni, O‘zbekiston tarixini buzib, soxtalashtirib talqin etishlariga nisbatan qarshi kurash olib borishni, xalqaro jamoatchilik diqqat-e’tiboriga O‘zbekiston tarixiga doir asl haqiqatlarni yetkazishni o‘z maqsadi sifatida belgilab oldi.

 

Biz O‘zbekiston xalqining tarixi, ma’naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr qilish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratamiz. Partiya bu sohada iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish, mazkur yo‘nalishda ijodiy tashkilotlar, nashriyotlar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalarni belgilab olgan.

 

Partiyamiz ushbu maqsadda o‘z deputatlik korpusi va partiya tashkilotlari orqali tarixni o‘rganishning tashkiliy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘radi. Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari nazorat-tahlil faoliyatida o‘z ishini, shu jumladan, ushbu sohada qabul qilinayotgan chora-tadbirlar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotlarini eshitishni tashkil qilish orqali faollashtirishi kerak bo‘ladi.

 

Jahongir FANIYeV, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti kafedrasi dotsenti, “Milliy tiklanish” DP a’zosi:

 

– “Milliy tiklanish” DPning fikricha, hozirgi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk davlat arboblarimiz, fan, madaniyat, adabiyot va san’at darg‘alarining faoliyatini keng targ‘ib qilishga yetarli darajada e’tibor qaratmayapti.

 

O‘zbek xalqining buyuk ajdodlari haqida axborotlarni milliy va xalqaro jamoatchilik e’tiboriga yetkazishda ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuchaytirish, tarixchi-olimlar, yozuvchilar, shoirlar, matbaa va nashriyotlarga ko‘maklashish, ularning hayoti yoritilgan kinomahsulotlarni ishlab chiqarish va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng tarqatishni kuchaytirish lozim.

 

Biz hukumat tomonidan buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblarni, shu jumladan, elektron kitoblarni nashr qilish va ko‘paytirish bo‘yicha maxsus dasturlar qabul qilinishi amaliyotini davom ettirish tarafdorimiz. Ayni paytda 2015 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan tegishli dastur to‘liq bajarilishini ta’minlash lozim.

 

Shu bilan birga, partiyamiz “Tariximiz buyuk kelajakka yo‘l ochadi” loyihasini amalga oshirishni maqsad qilgan. Mazkur loyiha doirasida buyuk allomalarimiz va mutafakkirlarimiz merosini o‘rganishni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator tadbirlar belgilangan.

 

Jahongir MAMAJONOV,

Farg‘ona politexnika instituti prorektori, “Milliy tiklanish” DP a’zosi:

 

– Xalqimizning ma’naviyatini yanada yuksaltirish uchun amalga oshirayotgan ishlarimiz o‘z hosilini bermoqda va bu sohada erishgan marralarimiz bilan biz hech kimdan kam bo‘lmasdan, ko‘pgina manaman degan davlatlar havas bilan qarayotgan yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Bugun biz o‘z qadr-qimmatimiz, milliy davlatchiligimiz, madaniyatimizni, muqaddas qadriyatlarimiz, tilimiz va dinimizni qayta tiklab, yagona xalq, yagona millat bo‘lib, jahon hamjamiyatida o‘zimizga munosib obro‘-e’tibor qozonishga erishdik.

 

Shuni qayd etish kerakki, ushbu yo‘nalishda hali ishga solinmagan juda ko‘p zaxira va imkoniyatlar mavjud. Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish bo‘yicha Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi faoliyatini kuchaytirish kerak, deb hisoblaydi.

 

Partiya yangi chaqiriq Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari vakolatlaridan keng foydalangan holda, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirishda tegishli davlat organlari faoliyati ustidan parlament va deputatlik nazoratini oshiradi. Ushbu sohada parlament eshituvlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratish talab qilinadi.

 

Shu bilan birga, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z faoliyatida “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” ezgu g‘oyasiga, xalqimizning ma’naviyati rivoji va jamiyatdagi barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan muruvvat, mehmondo‘stlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat-ehtirom, bag‘rikenglik, yaxshilik va saxovatpeshalik kabi o‘zbek xalqi milliy qadriyatlariga asoslangan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni maqsad qilgan.

 

Umuman aytganda, o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglashi va ma’naviy qayta tiklanishining yanada o‘sishi hamisha partiyamizning bosh vazifasi bo‘lib qolaveradi.

 

Aziz saylovchilar, 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda sizlarni milliy o‘zlikni anglash va milliy tiklanish tarafdori bo‘lgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz berishga chaqiramiz.

 

Salim DONIYoROV

yozib oldi,

«Xalq so‘zi» gazetasi.

20870

17Dekabr 2014



Dolzarb mavzular